Prezidentning ta’kidlashicha, tadbirkorlar qancha boy bo‘lsa, xalq shuncha farovon yashaydi.

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2024-yil yakuni bilan 9 foizdan pasayadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2024-yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Prezidentning qayd etishicha, murakkab geosiyosiy sharoitga qaramay, iqtisodiyot 6,3 foizga oshib, 111 milliard dollardan ko‘paydi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasiga 38 milliard dollar investisiya kirdi, eksport 26 milliard dollardan oshdi.
Ochiq muloqotda ko‘p tadbirkorlar o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olib, ehtiyojmand odamlarni ishli qilishga tayyor ekanligini bildirgan edi. O‘tgan qisqa vaqt ichida tadbirkorlar 387 ming kambag‘al oila a’zolari va 40 ming nogironligi bor odamlarni daromadli qildi.
“Aminmanki, o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorligimizni shu sur’atda davom ettirsak, kelgusi yillarda kambag‘allik darajasini bemalol 6 foizga tushiramiz”, dedi davlat rahbari va minglab ish o‘rni yaratayotgan, iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga munosib hissa qo‘shayotgan barcha tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 5 mingdan ziyod ishchisi bor, yillik daromadi 1 trillion so‘mdan oshgan, kamida 100 milliard so‘m soliq to‘layotgan 142 nafar “chempion” tadbirkorlar paydo bo‘ldi. Bu korxonalar eng ilg‘or texnologiyalar va yangicha boshqaruvni joriy etgan, o‘zlari arzon resurs olib kelayapti, kredit va soliqni o‘z vaqtida to‘layapti, muddati o‘tgan qarzi yo‘q.