
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumi ushbu tizimni amalga oshirishda qonuniy asos bo‘ldi.
Mazkur memorandum doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi bo‘sh vakant lavozimlarini tanlovga chiqarish, jamiyat taraqqiyoti va davlat boshqaruvi uchun raqobatbardosh, yuqori malakali kadrlarni saralab olish ishlari hamkorlikda olib borilishi belgilandi.
Endilikda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari vacancy.argos.uz platformasi orqali e’lon qilinib, hrm.argos.uz sayti orqali tanlov asosida kadrlar saralab olinadi. Bu esa korrupsiya va boshqa salbiy oqibatlarning oldini olish, soha mutaxassislarining malakasini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, nomzodlarni saralab olish maqsadida suhbat jarayonlarini tashkillashtirish hamda ekspertlarni jalb qilish, tanlov jarayonlarini tashkillashtirishda mahorat darslari, seminarlar, konferensiyalar va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlar, kadrlarning salohiyatini oshirish uchun ochiq eshiklar kunini tashkillashtirish va test sinovlariga jalb qilish borasida ham kelishib olindi.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati