
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxorodagi do‘konlarning biridan sotib olingan “buxanka” nondan sichqon axlati chiqqanligi haqida xabar tarqaldi. Iste’molchilar nomidan mas’ul tashkilotga murojaat qilib, ushbu holatga izoh berishlarini so‘radik.
Muhsin Umarov,
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi Savdo bo‘limi boshlig‘i:
— Darhaqiqat, iste’molchi Buxorodagi do‘konlarning biridan 3 ta non (buxanka) sotib olgan, uning ichidan sichqon najasi chiqqan. Bitta nondan 3, 4 tagacha axlat chiqqanligidan norozilik bildirgan iste’molchi 2023 yil 4 fevralda o‘z murojaatini qoldirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Qo‘mitaning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 6 va 12-moddalari talablarini buzganligi holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan, ish yakuniga ko‘ra ishlab chiqaruvchi korxonaga tegishli ko‘rsatma beriladi.
Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologiya va osoyishtalik xizmati xodimlarini jalb etgan holda savdo shoxobchasi va ishlab chiqaruvchi korxonada sanitariya me’yorlariga rioya etilishi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi.
MA’LUMOT O‘RNIDA, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasida Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Bunday ma’lumot tovarlarning etiketkalarida, tamg‘alarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda iste’molchilarga yetkazilishi mumkin.
Tovar (ish, xizmat) haqidagi ma’lumotda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:
tovarning (ishning, xizmatning) nomi;
tovar (ish, xizmat) majburiy talablariga muvofiq kelishi shart bo‘lgan normativ hujjatning nomi;
tovar (ish, xizmat)ning asosiy iste’mol xususiyatlari, shu jumladan, o‘ziga xos xususiyatlari ro‘yxati;
narxi (tarifi) va sotib olish shartlari;
ayrim turdagi tovarlarning ishlab chiqarilgan sanasi;
ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari;
tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari hamda shartlari;
tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati va ushbu muddat tugaganidan keyin iste’molchi nima ishlar qilishi zarurligi, shuningdek bunday ishlarni bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) to‘liq nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili);
tovar kelib chiqqan mamlakatning nomi;
ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta’mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari;
tovarlarni saqlash, xavfsiz utilizatsiya qilish usullari hamda qoidalari.
Qonunning 12-moddasida Iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.
Tovar (ish, xizmat)ning iste’molchilar hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga doir talablar qonunchilik bilan belgilanadi.
Iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug‘diruvchi tovar ishlab chiqarganlik (ish bajarganlik, xizmat ko‘rsatganlik) uchun qonunchilikka muvofiq:
ishlab chiqaruvchi (ijrochi);
normativ hujjatlarni tasdiqlagan organ;
muvofiqlik sertifikati bergan organ;
sog‘liqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, veterinariya xizmati organlari yoki xavfli tovar (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish yoxud realizatsiya qilishga ruxsat bergan boshqa organlar javobgar bo‘ladi.
“Kasalini yashirsang,
ISITMASI OShKOR QILADI”
Ijtimoiy tarmoqda yana bir mavzu ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. “Yaroqlilik muddatini berkitsangiz, ya’ni kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” mazmunida iste’molchining posti qoldirilgan.
Aslida e’tiroz bildirilgan vakuumlangan pishloq mahsuloti qadog‘ini ko‘zdan kechirsangiz, uning yaroqlilik muddati va saqlash shartlari kabi ma’lumotlar bor, shuningdek mahsulotning sifat sertifikati ham mavjud. Ammo shunga qaramay mahsulot iste’molga yaroqsiz holatga kelgani achinarlidir. Axir bunday mahsulotlar inson sog‘ligiga ziyon yetkazishi mumkin-ku?
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaatchining e’tirozini ishlab chiqaruvchini jalb etgan holda o‘rganib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, vakuumlangan pishloq mahsulotining yaroqlilik muddati saqlash sharoitlariga amal qilgan holatda 90 kun etib belgilangan. Yetkazib beruvchi MChJ esa uni ishlab chiqarilgandan so‘ng 3 kun ichida savdo shoxobchasiga topshirgan.
Mazkur holatni ijobiy bartaraf etish borasida o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganish natijalari yetkazib beruvchi (ishlab chiqaruvchi) shartnoma shartlarini lozim darajada bajarmaganligi, pishloq mahsulotini vakuumlash jarayoni to‘liq amalga oshirilmaganligi sabab pishloq 90 kunga ham yetmay, qisqa fursatda iste’molga yaroqsiz holga kelganini ko‘rsatdi.
Ishlab chiqaruvchi kamchiliklarni bartaraf etdi. Natijada barcha do‘konlar rastalaridan mazkur turdagi tovar to‘liq olib tashlanishiga erishildi.
MA’LUMOT UChUN: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasi 8-qismiga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni, shuningdek muddati ko‘rsatilishi shartligi nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda sotish uchun javobgarlik belgilangan.
Biroq mazkur holatda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan va yetkazilgan moddiy zarar o‘rni qoplab berilgan. Bunday taqdirda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas. Boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilangan.
Pokiza IDRISXON tayyorladi